4-qism
— Bilasanmi?… dedi u kutilmaganda bolakayga. — Seni borliging naqadar yaxshi… Insonga har doim ham u bilan o‘ynaydigan, u bilan suhbat qiladigan inson kerak emas. Gohida shunchaki eshitilishni xohlaydi kishi. Qancha insonlar bor, eshitmagan, eshitilmagan…
Men ham shularni orasidaman deb hisoblar edim. Hech kimsa eshitmagan, hech kimsa tushunmagan, tushunishni ham istamagan bir inson deb bilardim o‘zimni.
Bir oz jim bo‘lib gapini davom ettirdi:
— Balki bunga sabab yovuz soyadir? Axir bir paytlar men uni yaxshi deb bilardim. Axir men uni yaxshi ko‘rardim, va… u ham meni yaxshi ko‘radi deb o‘ylar edim…
Bolakay hozir gap nimada ekanligini bilardi, bilardi-yu, lekin uni gapini bo‘lmasdan eshitardi. Chunki unga hozir shu kerakligini ham bilardi.
Uning qachonlardir parchalangan qalbidan oqayotgan yoshlar ko‘zlarida sekin ko‘rina boshladi.
— Bilasanmi? Men yovuz soyaga aytmoqchi bo‘lgan gaplarim shunaqangi ko‘pdek tuyiladi. Ammo unga so‘z ocholmayman. Meni shu holatimga eng katta hissa qo‘shgan sen bo‘lasan deyolmayman. Har safar seni eslaganda qalbimning chuqur-chuqurlarigacha yetib boradigan og‘riqqa sen sababchisan deyolmayman.
Sen sabab. Sen sabab men… men… bundan ortiq gapirolmadi. Jimlik ichra ko‘z yoshlarga g‘arq bo‘ldi…
Uning ko‘zyoshlariga bolakayning ko‘zyoshlari qo‘shildi. Shu onda ular xuddi bir butundek ko‘z yosh to‘kishardi.
Bolakay yovuz soya va uning o‘rtasida bo‘lgan voqealarni hammasiga guvoh edi. Hech kim bilmasa ham bolakay yaxshi bilardi. Hech kim sezmasa ham bolakay yaxshi bilardi.
Bilardi-yu, lekin, u bilan suhbatlashishdan, uni eshitishdan boshqa yordam berolmasdi…
26.06.2025 | Samida Rakhimova
Izohlar
Hozircha izohlar yoʻq. Birinchi boʻlib fikr bildiring.